Aziza Umarova oilasi, mentalitet va millat to‘g‘risida

Jamoat arbobi, ona, rafiqa, farzand Aziza Umarova hayot muvozanati hamda qizlar tarbiyasi, mentalitetga moslashuvchanlik va oiladagi zo‘ravonlik, millat salomatligi hamda kuchli ayollar haqida so‘z yuritadi.

Ona, rafiqa, farzand, jamoat arbobi, bloger… Siz bu vazifalarni muhimligiga qarab qanday ajratasiz?

O‘ylashimcha, hayotning turli bosqichida turlicha. Bu to‘siqlar osha yugurishga o‘xshaydi. Turmush o‘rtog‘im bilan Shotlandiyada o‘qiganimizda, o‘zimizni o‘nglab olgunimizcha qizimni bir necha oy Toshkentda – onamning qaramog‘ida qoldirishimga to‘g‘ri keldi. Keyin o‘qishni ham, qizimga qarashni ham epladim. Ijtimoiy faoliyatim BMTdagi ishimni tark etganimdan so‘ng boshlandi. Albatta, men doim eng muhim vazifalarni muvozanatda saqlab, faol bo‘lishga intilganman. Bunda menga doim oilam, avvalo, turmush o‘rtog‘im yordam bergan.

Siz bir necha marta “Bobom va buvim o‘zbek qizlari hamma narsaga erisha oladi”, deb menga uqtirishgan, degansiz. Sizningcha, nima uchun boshqa qizlar bunday fikrlamaydi? Ular uchun ayolning asosiy vazifasi hamon bola tug‘ish, oilaviy turmush va erni rozi qilishdir?

Bobom va buvim sobiq ittifoq ziyolilarining namunaviy vakillari edi. Har ikkisi ham professor edi. Uyda o‘zgacha muhit hukm surardi. Ularning to‘rt qizi bo‘lib, hammasi hayotda nimagadir erishdi. Avlodlar almashgani sari oilamizda o‘sayotgan bolalar ko‘zi oldida ishlayotgan ayollar tasviri muhrlandi. O‘sha paytlarda sovet hukumati aynan shunday o‘zbek ayoli timsolini targ‘ib qilardi. 1990-yillarda esa milliy qadriyatlar diniy mutaassiblikka yo‘g‘rilgan dastur asosida tiklana boshladi. O‘shanda ishlayotgan ayollar o‘z kasblarini tashlab, uyda o‘tirishga majbur bo‘lgandi. Ko‘pchilik safdan chiqdi. Bizning oilamizda esa hammasi o‘z aslicha qoldi. Ayollar har doim ishlagan va jamiyatda maʼlum mavqega ega bo‘lgan.

O‘zingiz qizlaringizni qanday tarbiyalayapsiz?

Biz qizlarimizni iqtidori va qiziqishiga qarab turli to‘garaklar (sport, rassomlik, raqs)ga yo‘naltirishga harakat qilamiz. Bundan tashqari, ular albatta, musiqiy bilim olishi kerak. Qizlarim fortepianoni yaxshi chaladi. Istardimki, ular universitetga o‘qishga kirganda, o‘zlariga yoqqan soha haqida tasavvurga ega bo‘lsin. Katta qizimning matematika, biznesga layoqati bor. Ikkinchi qizimda esa kreativ isteʼdoddan nishona bor, u arxitektor yoki dizayner bo‘lishi mumkin.

Eskilik sarqitini nima qilamiz, qachon yangi rivojlanish bosqichiga o‘tamiz?

Bugungi talqinda “mentalitet” nima ekanini men tushunmayman. Masalan, bizda metro vagoniga kiruvchilar tushayotganlarni o‘tkazmay, to‘da bo‘lib kirishga harakat qiladi. Singapurda esa ko‘rsatkich chiziq chizilgan. Kirish bir rangda, chiqish boshqa rangda. Odamlar o‘sha chiziqlar bo‘ylab navbatda turib, bir eshikdan ham kiradi, ham chiqadi. O‘tkazib yuborish, tushish, chiqish imkoniyati bor. Bu – Osiyo. Unda hindlar ham, xitoyliklar ham yashaydi, ammo ularning mamlakatida yuqoridagi tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Shu sabab mentalitet masalasi – bu tartibni to‘g‘ri o‘rnatish masalasidir. Mentalitetni yangilash lozim. U moslashuvchan. Xohish bo‘lsa, hammasini to‘g‘rilash mumkin. Biroq uni yangilashdan hukumat manfaatdormi? Davlat tomonidan mentalitetga taʼsir o‘tkazish uchun nima ish qilinyapti? Yoki aksincha, uni misol qilib, ko‘plab salbiy holatlarni, masalan, korrupsiyani oqlash nimaga kerak? Bu savollar hozircha ochiq qolyapti.

Oiladagi zo‘ravonlikka qanday qarshi turish mumkin?

Tajovuzkorni qattiq jazolash bilan qarshi turish mumkin. Buning uchun Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritish talab etiladi. Hozir kaltaklangan ayollar uchun oxirigacha kurashishning foydasi yo‘q. Ular jamiyat va oilasi bosimi ostida o‘z arizalarini qaytarib olishga majbur. Bizda hamon bir illat bor: agar oilada zo‘ravonlik sodir bo‘lsa, ayol – aybdor. Bu ayrim hollarda jinsiy tajovuz bilan ham bog‘liq, ammo bu haqda ovoz chiqarib aytish mumkin emas. Tahlikali paytda ayol qo‘ng‘iroq qilib yordam so‘raydigan aloqa tarmog‘i yoki borib vaqtincha yashashi mumkin bo‘lgan maxsus muassasa yo‘q. Hozircha bu og‘riqli savol shior darajasida turibdi. Aytishlaricha, ayol xavfsizligini taʼminlash uchun himoya orderlari berilarkan. Shunda tajovuzkor shaxs unga yaqinlasholmaydi, ammo bu fakt hali o‘z isbotini topmagan.

Ijtimoiy andaza qoidalari mavjud, yaʼni jamiyatda bunday oilalar nazoratda bo‘ladi. Er-xotinni yarashtirish emas, balki har bir hodisada yordam berish uchun. Boshqa mamlakatlarda buning uchun maxsus ijtimoiy xodimlar bor. Ular bunday oilalarni kuzatadi, monitor qiladi, patronaj xizmati ko‘rsatadi. Bizda ham shunday ijtimoiy ko‘mak xizmati tashkil qilinsa, ijtimoiy xizmatchi muayyan oila bo‘yicha keys-menejment yuritsa va oilani tiklash rejasini ishlab chiqsa.

Nima uchun mamlakatimizda millat salomatligiga kam eʼtibor qaratiladi?

Bizda o‘rta tabaqaning tor qatlami mavjud – kambag‘al toifa va yangi paydo bo‘lgan boylar o‘rtasida katta tafovut bor. Agar mamlakatimizda meʼyorida ovqatlanib, sport bilan shug‘ullanadigan o‘rta tabaqa ko‘pchilik bo‘lsa, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish orqali ajoyib natijalarni ko‘lga kiritamiz. Hozircha viloyatlarimizdagi aholi kam go‘sht yeydi, asosan, makaron mahsulotlari bilan kun kechiradi. Shunday ekan, millat salomatligi haqida gapirish befoyda.

Millat salomatligi faqat ko‘krak qafasi aylanasiyu bo‘yni o‘lchashdan iborat emas. Buning uchun to‘g‘ri ovqatlanish zarur. Sabzavot va ko‘katlar dasturxonga shunchaki qo‘yilmasligi lozim. Ovqatlanganda ulardan ko‘proq qo‘shib isteʼmol qilish kerak. Meva-cheva nafaqat mehmonga, balki har kuni bolalar oldiga qo‘yilishi darkor.

O‘zingizni kuchli ayol deb bilasizmi?

Ha, hech bo‘lmasa, hayotdagi juda ko‘plab murakkab vaziyatlardan munosib ravishda chiqib keta olganim uchun.

O‘zbekistondagi kuchli ayollar haqida so‘z ketganda ko‘z oldingizga, avvalo, kim keladi va nima uchun?

Suv tashib kelish, uni isitib bolalarini cho‘miltirish, hovlidagi o‘choqda o‘tin yoqib ovqat tayyorlash uchun har kuni uch soat vaqtini ajratgan har bir qishloq ayoli… Ularning hayotida o‘zgarish bo‘lmasa, qishloqda o‘sgan qiz kelajagi uchun boshqa istiqbolni ko‘ra olmasa, barcha islohotlar, aytish mumkinki, qog‘ozda qolib ketaveradi.

 

Matn: Valeriya Muradova

 1,221 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии