Ayol Baxti

Statistikaga ko‘ra, har uchinchi ayol hayotida ko‘p marta ginekologik kasalliklarga duch keladi. Har beshinchi ayol esa surunkali kasalliklar va jinsiy a’zolar yallig‘lanishidan aziyat chekadi. Bunday muammolar farzand ko‘rish imkoniyatiga xalal beradi. Aynan shuning uchun poliklinikamiz ginekologik kasalliklarni davolashni ustuvor yo‘nalishlardan biri deb hisoblaydi, deydi akusher-ginekolog Dilfuza Alieva.

Dilfuza Alieva 
Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining «Oila va nikoh» ilmiy maslahat poliklinikasi mudiri, oliy toifali akusher-ginekolog, tibbiyot fanlari doktori, professor

 

Qanday omillar ayollarning reproduktiv salomatligiga salbiy ta’sir qiladi?Ularning hisobi yo‘q. Bu, birinchi navbatda, jinsiy yo‘l orqali yuqadigan infeksiyalar, yod tanqisligi, norasional, nomuvofiq ovqatlanish, gipodinamiyadir. Davlatimiz rahbarining aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish zaruriyati to‘g‘risidagi masalani ilgari surayotgani menga juda ma’qul bo‘lyapti.

Ayol reproduktiv tizimidagi qanday kasalliklar homilador bo‘lish, naslning shakllanishi va rivojlanishiga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi?
So‘nggi yillardagi yirik ilmiy tadqiqotlarning guvohlik berishicha, naslning davom etishida nafaqat ayolning, balki erkakning ham jismoniy va ruhiy holatini tavsiflovchi bir qator omillarning o‘rni bor. Afsuski, so‘nggi yillarda biz er-xotinning har ikkisida farzand ko‘rish imkoniyati yo‘qligi kabi bepushtlik turi bilan to‘qnash kelyapmiz. Ayollar bepushtligining sabablari orasida birinchi o‘rinda endometrioz, gormonal buzilishlar, qalqonsimon bez kasalliklari turibdi. Shuningdek, bakteriovirusli infeksiyalar, ichki jinsiy a’zolarning turli tug‘ma nuqsonlari ham bor. Embrionning noto‘g‘ri rivojlanishida qarindoshlar orasidagi nikohlarning hissasini ham unutmaslik kerak.

Vrezka: Afsuski, poliklinika shifokori kasal bola tug‘ilishi kutilayotgan yoki tug‘ilgan oila a’zolari bilan eng oxirgi bo‘lib uchrashadi. Menimcha, yaqin qarindoshlar orasidagi nikohlar oldini olish oila, mahalla, OAVning ishi bo‘lishi kerak

Hech narsa bezovta qilmasa ham, ginekolog oldiga qancha vaqtda borib turish kerak?
Har bir ayol yilda bir marta ginekolog qabuliga borishi kerak. Belgisiz kechadigan ginekologik kasalliklar bor. Bir kuni oldimga 30 yoshli qiz keldi. Turmushga chiqmagan, lekin UTTda ko‘plab miomatoz tugunlar hisobiga katta o‘lchamli mioma aniqlandi. Bemorning aytishicha, uni hech narsa bezovta qilmagan. Turmushga chiqmagani, reproduktiv vazifalarni amalga oshira olmaganiga qaramay, tegishli tekshiruvdan keyin shifokorlar kengashi bachadonni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashni maslahat berdi. Agar bu ayol ginekologga ertaroq murojaat qilganda, ehtimol, bachadoni olib tashlanmasmidi.

Yana bir xavfli patologiya bor – bu bachadon bo‘yni saratoni. Ammo uning oldini olsa bo‘ladi. Taxminan 10 yilda bachadon bo‘ynida odam papilloma virusi ta’sirida patologik o‘zgarishlar kechadi. Ular bachadon bo‘yni saratoniga olib keladi. Yilda bir marta ginekolog qabuliga borish, atipik hujayralar bor-yo‘qligini aniqlash uchun bachadon bo‘ynidan surtma topshirish yuqori onkogen xususiyatga ega odam papilloma virusini aniqlash, shuningdek, kol’poskopiya bachadon bo‘yni saratonining oldini olishga yordam beradi.

Unutmangki, kasallikning oldini olish uni davolagandan ko‘ra ancha oson va arzonga tushadi.

Poliklinikangiz qanday xizmatlarni taklif qiladi?
«Oila va nikoh» ilmiy maslahat poliklinikasida quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:
· o‘smir va katta yoshli qizlar, ayollar va homiladorlarga ixtisoslashtirilgan ko‘mak ko‘rsatish;
· quyidagi ginekologik kasalliklarni tashxislash va davolash:
bepushtlik, bachadon miomasi, endometrioz, jinsiy a’zolarning yallig‘lanish bilan bog‘liq kasalliklar, bachadon o‘simtalari, bachadon bo‘yni patologiyasi;
· jinsiy a’zolari kasal va jarrohlik amaliyoti talab qilinadigan ayollarni operatsiyaga tayyorlash;
· poliklinika sharoitida bachadon bo‘yni saratonoldi kasalliklarini tashxislash va jarrohlik amaliyoti yordamida davolash;
· homiladorlik davriga xos asoratlarning oldini olish bo‘yicha profilaktika choralari ko‘rish;
· jarrohlik muolajasidan keyingi tiklovchi davolash va reabilitasiya.

Poliklinikada laboratoriya bo‘limi ham faoliyat ko‘rsatadi.
Oliy toifali shifokorlar, tibbiyot fanlari nomzodlari va doktorlari, professorlar bemorlarni qabul qiladi. Ko‘pchilik mutaxassislar oliy ta’limdan keyingi ta’lim dasturi doirasida Yevropa, AQSh, Rossiya, Turkiyaning ilg‘or tibbiyot markazlarida o‘qib, malaka oshirgan. Poliklinikamizda, shuningdek, kardiolog, terapevt, endokrinolog, mammolog, onkoginekolog, kattalar va bolalar nevropatologi kabi turli ixtisoslikdagi shifokorlar ham mavjud.

 1,519 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии