Arifov postulatlari

0

O‘zi va oilasi manfaatidan kechib, ilm-fan yo‘lida fido qilingan yigirma yillik umr. Mahalliy dermatologlarning qo‘llanmasiga aylangan kitob muallifi, dermatovenerolog-kosmetolog Saidqosim Arifov qoida va taqiqlari haqida.

Saidqosim Arifov, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti dermatovenerologiya kafedrasi mudiri, dermatovenerolog-kosmetolog, t.f.d., professor, oliy toifali shifokor
Azizaxon Yaqubova, dermatokosmetolog, qizi

Mehnatim
«Klinik dermatologiya va venerologiya» atlasi – mening yirik ilmiy va amaliy faoliyatim natijasi. Unga umrimning 20 yilini sarfladim.

Bu – dermatovenerologiyada ilk mahalliy qo‘llanma. 2008 yilda chop etilgan. Unda teri-tanosil kasalliklarining 190 turi qayd etilgan. Bu bitta nashrda yig‘ilgan rekord miqdordagi ma’lumotlar. Ma’lumot uchun: 3000 dan ortiq turdagi teri kasalliklari mavjud.
Atlas – har bir dermatovenerolog uchun zarur amaliy qo‘llanma, doim stoli ustida turadigan kitob. Siz uni barcha teri-tanosil kasalliklari dispanserlari va dermatovenerolog shifokorlar oldida ko‘rishingiz mumkin. U kasalliklarni tashxislashda yordam beradi. Ekzema, qipiqli temiratki (psoriaz), vitiligo – bu amaliyotimizda eng ko‘p uchraydigan kasalliklar.
Atlas keng tarqalgan hamda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar va noyob atipik dermatozlarga chalingan bemorlarning asl rangli suratlari bilan boyitilgan. Ularning 600 tasini o‘zim suratga olib, ishlov berganman. Birinchilarini plyonkali fotoapparatga olganman.
Atlasdagi suratlarni 2002 yili Angliyada amaliyot o‘taganimda ilk bor taqdim etganman. Ular noyob deb tan olingan. Ba’zilarini chet ellik hamkasblarim sotib olmoqchi bo‘lgan. Yaxshigina daromad qilishim mumkin edi, lekin sotmadim.

Atlasni nashr ettirganimdan keyin meni JSSTning Milandagi anjumaniga taklif etishdi. U yerda mehnatim mahsuli ilk bor namoyish etildi va xalqaro darajada e’tirof qilindi.
Ishimga ketgan vaqtim va sarmoyamni hisobga olsam, sarflaganlarimga rafiqam, yaqinlarimga qanchalik e’tibor qaratishim, ularni dengiz bo‘ylariga sayohatga olib borishim mumkinligini tasavvur qilaman. Ammo men bor kuchimni atlasga sarfladim.
1997 yili ilk bor talabalar uchun o‘zbek tilidagi «Teri va tanosil kasalliklari» nomli kitobim chop etildi. So‘ng 2010 yilda xuddi shu nomda shifokorlar uchun darslik chiqardim.

Talabalar va shifokorlar kitoblarim bo‘yicha o‘qiydi. Hozir noyob va atipik dermatozlar haqidagi rasmli katta qo‘llanmam tayyorlanyapti. Bu kitob shifokorlar uchun amaliy faoliyatda asqotadi. PhD bo‘yicha dissertasiya ishimni boshlashni rejalashtiryapman.

Azizaxon, qizi 
Atlas – otamning ilmiy g‘alabasi. Uning qo‘lyozmalarini komp’yuterda terib yordam berganimiz yodimda. Keyin u matnlarni tekshirib, muharrirga yuborardi. Tunlari ota-onam har bir sahifaning nashr etilishini kuzatish uchun nashriyotga borardi. Mukammal natijaga erishmaguncha rang-tuslarini qayta to‘g‘rilatishardi.
Bu vaqtda ota-onamiz nima bilan bandligini bilmay, shiringina bo‘lib uxlardik.

Kasbim
Men shifokorlar sulolasidanman. Mahallamizdagi ko‘pchilik otamning oldiga yordam so‘rab kelardi. Hammaga tarqatishini hisobga olgan otam dorixonadan dorilarni ko‘p-ko‘p olib kelardi. Men mana shunday muhitda ulg‘aydim.
Oltinchi kursda o‘qiyotganimda tibbiyot instituti talabalarini guruhlarga bo‘lishdi. Men jarrohlar orasiga tushdim, ushbu yo‘nalishda ishlamoqchi edim. Hatto meni o‘z jamoasiga olishga rozi bo‘lgan akademik Vosit Vohidov qo‘llovi bilan ham rejam amalga oshmadi.
Chunki mendan klinik ordinaturamni jarrohlik bo‘limidan teri-tanosil bo‘limiga o‘tkazishni Sog‘liqni saqlash vazirligidan iltimos qilishdi. Mutaxassislar taqchilligi bor edi. Rozi bo‘ldim. Katta a’zo sifatida teri mavzusi meni juda qiziqtiradi. Shu tarzda dermatovenerologga aylandim. Bundan afsuslanmayman.
To‘rt nafar qizim bor. Ular dermatovenerologlar sulolasini davom ettiryapti. Uch nafari shifokor, bir nafari oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq nozik kasbda ishlaydi. Rafiqam ham shifokor-dermatovenerolog. Oiladagi barcha shifokor bir xil ixtisoslik egasi bo‘lsa, farzandning kasbga moslashuvi oson kechadi. Tajribamni qizlarimga o‘rgatyapman.

Qoidalarim
Kasbga bo‘lgan mutlaq muhabbat. Mutolaa majburiyati. Ilmiy jamoatchilik hayotiga sho‘ng‘ish. Asl manbalarni o‘qish uchun chet tillarni bilish. Eng muhimi, bemor sirini saqlay olish. Chunki sohamizdagi ko‘pchilik bemorlarimiz dardini oshkor qilishni istamaydi. O‘zingga bo‘lgan yuqori talabchanlik va qoidalaringni ilgari surish.

O‘zbek va rus maktablarida o‘qiganim uchun taqdirimdan minnatdorman. Hozir 26 nafar shogirdim bor. Ulardan 8 nafari doktorlik, qolgani nomzodlik dissertasiyasini himoya qilyapti.

Azizaxon, qizi (blok)
Otamning maslahati menga ko‘p asqotgan. Ulardan eng qimmatlisi – o‘zligimni saqlab qolish haqidagisi. Institutga o‘qishga kirganimda shunday degan: «Istaganingcha kiyin, lekin unutma, sen professorning qizisan. Odamlar senga qaraydi». Bu so‘zlar umrbod yodimda qolgan. Bugun bolalarimga xuddi shu gapni aytaman.
Otamning biz oilaviy rioya qiladigan yana bir maslahati: «O‘qi va amaliyot o‘ta! Pul ortidan quvma, u seni o‘zi izlab topsin!»

 Katta a’zo sifatida teri mavzusi meni qiziqtiradi
Atlasimni rafiqam va qizlarimga bag‘ishlaganman – ular menga orzumni ro‘yobga chiqarishda yordam berishdi

Azizaxon, qizi
“Bo‘sh vaqt” iborasi otamning so‘z lug‘atida yo‘q. U ashaddiy mehnatsevar. Kuchli sabrga ega ilm-fan odami. Tunlari ilmiy maqola yozadi. Ba’zan biz uchun pikniklar uyushtirib turadi. U pishiradigan kabobni hammamiz yaxshi ko‘ramiz va intiqlik bilan kutamiz. Hech kim otamday mazali qilib tayyorlay olmasa kerak. Otam shunday inson!

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish