4 HIKOYA TUTINGAN OTA-ONA VA BOLALAR HAQIDA

0

 O‘zbekiston haqli ravishda noz-ne’matga boy va mehmondo‘st o‘lka hisoblanadi. Bir necha minglab bolalar bu yerda makon va najot topgan, 2022-yilga kelib esa farzandlikka bola asrab olish trendga chiqyapti chog‘i, yangiliklarda oilasiga farzand qabul qilgan odamlarni ko‘plab uchratyapmiz, hatto to‘qqiz nafarlab farzand asrab olayotganlar bor.

OAV taqdim etayotgan suratlarda quvonch va haqiqat to‘kisdek go‘yo, ammo tutingan oilalarda asl vaziyat qanday, uyga begona bolani qabul qilish nima degani? Biz farzandlikka olish haqida turli hikoyalarni so‘zlab bergan ayollar bilan gaplashdik, baʼzi hikoyalar ota-ona bo‘lish yo‘lidagi omadsiz urinishlar haqida, bu ularga umuman kerak bo‘lmagan hatto.

Farzandlikka asrab olingan bolalar – ongli tanlovmi yoki zamonaviy trend? Yangiliklarda u yoki bu mashhur odamning bolalarni asrab olgani haqida o‘qigan ko‘pchilik o‘zbekistonliklar mana shu savolni beradi.

 

3
Maqola qahramonlarining fikricha, bola asrab olish ularning hayotidagi eng murakkab va jiddiy qarorlardan biri bo‘lgan. Biz uch nafar ayol bilan suhbatda bo‘ldik, ikkita hikoya xuddi Gollivud ertaklariday baxtli yakun topgan, uchinchisi esa achchiq haqiqat va eng ko‘p uchraydigan xavotirlarga to‘la.

 

 

 

Birinchi qahramon,
47 yoshda

Uch yoshli bolani asrab olganmiz, hozir 10 yoshda.

Uzoq vaqt farzand ko‘rmadik. To‘yimizdan besh yil o‘tib, bola asrab olish haqida o‘ylay boshladik. Erim o‘sha paytda bunga qarshi edi. Chunki o‘zimiz farzandli bo‘lishimizga umid qilardi. Shifokorlar «Sizda hammasi yaxshi, iqlimni o‘zgartiring», deya maslahat berishdi. Dubay, Moskvada yashab keldik, lekin baribir vaziyat o‘zgarmadi.

Hujjatlarni to‘plab, bolalar uyiga navbatda turdik.

O‘smirlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish organi (bugungi vasiylik va homiylik kengashi)da ishlaydigan ayol bilan tanishib qoldim. Bola kutib charchagandik. Bir kuni u menga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘lida muammoli oiladan olib qo‘yilgan o‘g‘il bola borligini aytdi. “2-3 kun sizlarnikida yashab tursin, kerakli hujjatlarni yig‘ib olay”, dedi. O‘sha paytda turmushimizga 14 yil bo‘lgandi.

 

Rozi bo‘ldim. Bolani ko‘rib karaxt bo‘lib qoldim. Bunday kir bolalarni umrimda ko‘rmaganman. U mittigina, juda abgor ahvolda edi. Qattiq yo‘talar, ahvoliga qarab bo‘lmasdi. To‘shagini ho‘llab qo‘yar, bundan hatto uyg‘onmasdi. Ikkinchi kuni bolani birovga berishni istamasligimni tushundim. Keyin yana bir oy davomida uni davoladim, parvarishlab, uning haqqiga duo qildim.

Birinchi kuni cho‘miltirayotganimda u mendan: «Siz onammisiz? Qayerda edingiz? Nega olib ketmadingiz?» deb so‘radi. Ijtimoiy xizmatdan kelgan qiz bu bolakay bolalar uyiga joylashtirilishini aytdi. Men esa u juda nozik va kichik ekanini o‘ylab, u yerda aniq yashab ketolmasa kerak, dedim. Erimni bolani olib qolish uchun ko‘ndira boshladim.

Biznikiga kelgunga qadar bolakay naq bir oy bolalarni taqsimlaydigan qabulxonada yashagan. U yerga esa bola buvisi, xolasi va uning noqonuniy eri birga yashagan oiladan olib kelingan. Bolaning onasi yo‘q bo‘lgan. Uning tibbiy kartasida patronaj hamshirasining «Onasi mast ahvolda, bolaga qaralmagan, eʼtibor bering», degan ikki qator yozuv qayd etilgan. Erim qandaydir «ichkilikboz ona»ning bolasi kerak emas, kimdan tuqqani ham nomaʼlum, deya qatʼiy qarshi chiqdi. Bolalar uyiga borib, boshqa bolani farzandlikka asrab olishni istadi.

Ammo men qanday qilib bo‘lmasin, ular orasida iliq munosabat o‘rnatishga harakat qilardim. Nihoyat, erimni ham bolani olib qolishga ko‘ndirdim. Bugun ularning munosabati aʼlo, turmush o‘rtog‘im oilamiz to‘kisligidan xursand.

Bolani o‘zimizda qoldirishga ahd qilganimizdan keyin hujjatlar bilan bog‘liq muammolarimiz boshlandi. O‘smirlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish organida ishlaydigan tanish ayol ham yo‘qolib qoldi. Tanishlar orqali prokuraturaga murojaat qilishga to‘g‘ri keldi. Ish sudga yetib borgach, masala foydamizga hal bo‘ldi. Bola oilamizda yashay boshlaganiga bir yil o‘tib, hujjatlarni rasmiylashtirdik. Faqat familiyasini o‘zgartirdik, ismi va tug‘ilgan sanasini esa qoldirdik. Menimcha, o‘sha tashkilotda ishlagan ayolning xatti-harakatlari norasmiy edi, ammo hamma ham unday emas. Nima bo‘lganda ham o‘sha ayoldan o‘g‘limizni olib kelgani uchun minnatdorman.

Barcha qarindoshlarim va tanishlarimga bu erimning “noqonuniy” bolasi, deb tushuntirdim. Onasi o‘lgach, qarindoshlari boqa olmay tashlab ketgan, dedim. Erimning o‘zi bu hikoyalar nima uchun kerakligini tushunmasdi, ammo men bolamizni kamsitishlarini, ajratishlarini istamasdim. Mabodo kimdir bugun uni bizniki emas, deb qolsa, men buni shunchaki hasadga yo‘yaman.

O‘g‘lim juda yaxshi bola, mehribon, mehmondo‘st, ukasi yoki singlisi bo‘lishini istaydi. Uch yoshidan sportga qatnaydi, raqs bilan shug‘ullanadi, qizig‘i, tashqi ko‘rinishi, gapirish ohangi, ovqatlanishi, uxlashi, barcha xatti-harakati bilan erimga o‘xshaydi.

Tutingan ota-onalik bo‘yicha dastlabki tayyorgarlikdan o‘tmaganmiz. Asosiy ko‘nikmalarimiz bor edi, xolos. Birinchi marta bola parvarishlayotgan edik. Barchasi tajriba bilan birga kelarkan. Hozir biz bolani, u esa bizni tarbiyalayapti. Genlar qanday bo‘lishidan qatʼi nazar, insonga atrofdagi muhit taʼsir ko‘rsatadi. Yashash tarzi, tarbiyaga ko‘p narsa bog‘liq.

Agar kimdir bola asrab olmoqchi bo‘lsa, oilasi to‘g‘ri kelsa, vaqtni cho‘zmaslikni tavsiya qilaman. Mana, meni o‘g‘lim qutqarib qoldi.

 

Ikkinchi qahramon. Janna, 53 yoshda

Qizi Masha 16 yoshda. 5 oyligida farzandlikka olingan

Ikki farzandimiz bor edi, ammo erim uchinchi bolamiz ham bo‘lishini xohladi. Yoshim va sog‘lig‘im tufayli unga yana farzand tug‘ib berishga tayyor emasdim. Shu bois bolalar uyidan bola asrab olishni taklif qildim. O‘shanda buning uchun sharoitimiz yo‘q edi. Shuning uchun shunchaki dilimizga tugib qo‘ydik. Keyin esa ajoyib voqealar yuz berdi: rejalashtirganimizdan bir yil o‘tib, oilaviy sharoitimiz yaxshilanib ketdi. Uy sotib oldik, erimning ishlari yurishdi. Biz bola izlay boshladik. Atigi uch kunda qizaloq topildi. Onasi og‘ir ahvolda ekan, boladan voz kechdi va mamlakatdan chiqib ketdi.

 

Katta farzandlarim o‘shanda 10 va 17 yoshda edi. Ular bolani oson qabul qilishdi va qarorimizga rozi bo‘lishdi.

Masha besh yoshidan tutingan qizimiz ekanini bilardi. Biz tug‘ilgan kunini ikki marta nishonlardik: bittasi biologik, ikkinchisi oilamizga kelgan kun.

Kichikligida “16 yoshga kirganida hammasini oshkor qilaman”, degandim. 2021-yil 6-dekabr kuni shu fursat keldi. Unga biznikiga qanday kelib qolganini aytdim. Birinchi tug‘ilganlik guvohnomasi nusxasini ko‘rsatdim va tuqqan onasi bilan uchrashish taklifini bildirdim. U rad etdi. Mabodo o‘z onasi yoki aka-uka, opa-singlisi bilan muloqot qilishni xohlasa, qarshilik ko‘rsatmayman.

 

Farzandlikka olishni rasmiylashtirayotganimizda qizimizning ismini o‘zgartirdik. Chunki vasiylik organlari farzandlikka olish jarayoni va bolaning haqiqiy maʼlumotini sir saqlashimiz kerakligini aytdi. Biz o‘shandayoq ushbu sirlarni xushlamaganmiz. Chunki keyinchalik bolaga bu sir boshqacha qilib yetkazilsa, u noto‘g‘ri tushunishi va jiddiy psixologik jarohat olishi mumkin. Sir – bu doim yolg‘on degani.

Ayrim “mehribon”larning noqulay damlarda nimadir deb qo‘yishi tajribamda kuzatilgan. Ikki marta shunday vaziyatga tushganmiz. Masha 5-6 yoshligida tanishlarimizning qizi unga «Dadang ariqda o‘lib qolgan, onang ichkilikboz bo‘lgan, seni esa Janna xola asrab olgan», deb qo‘ygan. Bu barchamiz uchun kuchli stress bo‘lgan. Men unga doim shunday qizni sovga qilgani uchun onasidan minnatdor ekanimni aytib kelardim. Yaratganning bizga berilgan marhamatisan, deganimda har qanday xafaliklari arib ketardi. Bugun esa hammasini xotirjam qabul qiladi.

Bolaga haqiqatni aytsangiz, birinchidan, butun umr shu sirni saqlab yurish javobgarligini yelkangizdan soqit qilasiz. Ikkinchidan esa, haqiqat bolaga immunitet bag‘ishlaydi. Agar u oilada mehr-muhabbatni sezsa, tashqarida eshitadigan gap-so‘zlarni yenga oladi.

Qizimiz mehribon va istarali bola, bunday farzandni yaxshi ko‘rmay bo‘ladimi?! Biz uni uyda Masha deb chaqirsak, do‘stlari va tanishlari Mashulya deb erkalatadi. Bolaligidan vazmin, hatto kasal bo‘lsa ham yig‘lamagan. Bugun ham urishmaymiz, o‘rtamizda ziddiyat yo‘q. Menga biror narsa yoqmasa, shunchaki tanbeh beraman. Bola asrab olish masalasini muhokama qilganimizda onam bilan qaynonam bizni unchalik qo‘llab-quvvatlamagan. Qizni ko‘rgach, ikkisining ham darrov mehri tushib qolgan. Onam hatto «Mashulyasiz uyimga kelma!» degan.

 

Masha 9 yoshga kirganida yana bir bola asrab oldik, ammo hayot bizga boshqa “sovg‘a” tayyorlagan ekan: turmush o‘rtog‘im alsgeymer kasalligiga chalindi. Shunday qilib men erim, farzandlarim hamda qari qaynonam bilan yolg‘iz qoldim.

Bu bola muammoli oiladan edi. Shu sabab oilamizda yashab qololmadi. Doim ziddiyatga borar, umuman quloq solmasdi. Boshqa bolalar nisbatan xotirjam va ular bilan kelishsa bo‘lar, Pavelni esa tez-tez jazolashga to‘g‘ri kelardi. Keyin o‘zimni ayblardim va ichimda mudom jang ketardi. Vaqt o‘tib u o‘zini yanada yomon tuta boshladi. Erimda esa kasalligi tufayli aynan Pavelga nisbatan g‘azablanish tuyg‘usi kuchayib ketdi.

 

To‘rt yildan keyin uni eplay olmasligimni tushunib yetdim va tuqqan onasinikidan ko‘ra bolalar uyida yaxshiroq yashaydi, degan qarorga keldim. Bu haqda dugonam xabar topganidan keyin ataylab Xabarovskdan uchib keldi. Bir yilda hujjatlarni to‘g‘rilab, vasiylikni rasmiylashtirdi va bolani olib ketdi.

Bugun bola Xabarovskda, lekin dugonam bilan ham yashay olmadi. Dugonam «Bolaning begonasi bo‘lmaydi» nomli uyushma rahbari bo‘lgani uchun Pavel mehribonlik uylaridagi bolalar bilan yaqin muloqotda bo‘lgan. Unga bu maskanda hammasi yaxshi ekanini, pul bilan taʼminlashlari, ko‘p narsaga ruxsat berishlarini aytib, havasini keltirishgan, natijada u bolalar uyiga ketib qolgan.

Agar erim kasal bo‘lib qolmaganida balki bolani tarbiyalash qo‘limizdan kelarmidi, ammo o‘shanda yolg‘iz o‘zimda kuch qolmadi. Pavelni berib yuborganim uchun endi butun umr o‘zimni ayblab yashasam kerak.

Men aslida bola asrab olish tarafdoriman, ammo farzandlarimdan biri bunga jazm etsa, 4 yoshgacha bo‘lgan bolani olinglar, deyman. Bolalar uyi shunchalik ruhiyatni buzadiki, bunday bolaning qalbini davolash, bu dunyoga ishonchini oshirish va to‘plangan salbiy tajribasidan voz kechishi uchun yillab ishlashga to‘g‘ri keladi.

Bolalar uyi yoki muammoli oiladan farzand asrab olishdan oldin o‘zini tutish, ularni tushuna olish, “tikani bor” bolaga mehr qo‘yishni o‘rganish kerak. Buni psixologlar tushuntirib beradi, oila esa kamida ikki yil moslashuv davridan o‘tadi.

 

Oilasiga bola qabul qilayotgan insonlarni Yaratgan hech qachon yolg‘iz qoldirmasligini bilaman. Bir insonning taqdirini o‘zgartirish katta ish. Odamlar uysiz hayvonlarga yordam berayotgan bir paytda nahotki bola uchun qalbni ochish qiyin bo‘lsa?! Agar inson bolalar uyidan farzand asrab olishga qaror qilsa, demak, bu dunyoda hali ezgulik butkul yo‘qolmagan. U yaxshi tomonga o‘zgarishi mumkin.

Uchinchi qahramon, 50 yoshda

Olti yoshli bolaga g‘amxo‘rlik qilish borasidagi omadsiz tajriba

Erim bilan kech turmush qurdik: men 39, turmush o‘rtog‘im 45 yoshda edi, lekin farzand ko‘rish umidini yo‘qotmagandik. Shifokorlar sog‘lig‘imiz joyida ekanini aytar, shunga qaramay, bola asrab olish uchun hujjat yig‘a boshladik.

Bir kuni menga bolalar uyidan qo‘ng‘iroq qilib, yaqindagina tutingan oilasidan qaytarib yuborilgan olti yoshli bola bilan tanishishni taklif qilishdi. Atigi olti oy yashab, ona homilador bo‘lganidan keyin uni qaytarib berishdi, deyishdi. Yaxshilab surishtira boshlaganimizda tutingan oilasi uning o‘g‘riliklari haqida shikoyat qilganini eshitib qoldik, ammo baribir tanishib ko‘rishga ahd qildik. 

 

Bolani bir ko‘rishda yoqtirib qolish kerak, degan uydirmani yo‘qqa chiqarmoqchiman.

Bolakay yoqimtoygina edi. Bizga undan xabar olib turish, taʼtilga olib ketish mumkinligini va bu bizga javobgarlik yuklamasligini aytishdi. Avvaliga hammasi yaxshi edi. Har dam olish kunlari bolalar uyiga kelar, u bilan shug‘ullanardim. Birgina hayron qoldirgan jumlasi «shokolad olib kelib bering», deyishi bo‘ldi.

Ilk bor kuzgi taʼtilda bolani uyimizga olib ketdik. Avtobus kutib turganimizda bolakayning yuzida norozilik ifodasi paydo bo‘ldi va u: «Avtobusda ketamizmi, dadamning mashinasi yo‘qmi?» deb so‘radi. Avtobusda esa yig‘lab, taksiga o‘tiramiz, deb turib oldi.

Albatta, uni hech kim ko‘kka ko‘targan emas. Bola o‘z nomi bilan bola – to‘polon qiladi, quloq solmaydi, umuman olganda hammasi yaxshi edi, ammo hamma muammo kuzgi taʼtildan keyin boshlandi. Uni uchinchi marta uyga olib ketganimizda «olib ber» talabi qo‘yildi. 

Sababsiz xarxasha ko‘tarishi mumkin edi. U baqirib, qo‘liga tushgan buyumni otar va yomon gaplarni gapirardi. Ko‘p yil maktabda ishlaganim uchun bolaning ataylab aytgan yaramas gaplarini shunchaki sho‘xlikdan yaxshi ajrata olaman.

 

Rostini aytsam, vaqt o‘tgan sari uning oldiga borishni istamasdim, ammo biz bolaga umid bergandik va vaziyatni boricha qabul qilishga kelishgandik. Natijada muloqotimiz ko‘zyosh, chinqiriq, araz va xafalik bilan yakunlanardi.

Hech narsaga qaramay, o‘quv yili tugagach, keyinchalik vasiylikni rasmiylashtirish niyatida bolani yozgi taʼtilda olib ketdik. Bolalar uyi direktori «Bir yildan beri gaplashasiz!» deya tezroq asrab olishga undar, ammo men bola oilada yashasa bo‘ldi, hujjatlarning ahamiyati yo‘q, deb hisoblardim. Shunday qilib uni uyimizga olib ketdik, keyin haqiqiy azobli hayot boshlandi – kuniga 5-6 marta xarxasha qilardi.

 

Yurtimiz va Rossiyadagi ko‘plab ota-onalar bilan maslahatlashdim,  qo‘llamagan usulim qolmadi: yaxshi gap bilan oddiy narsani tushuntirsam, qulog‘ini yopib, eshitishni xohlamasdi. Psixologlarga bordik, avvaliga maktabdagiga, keyin hamkasbimning oldiga, xususiy mutaxassisga, moslashuv markaziga. 

Birinchi bo‘lib erim chiday olmadi. Uyda qolishni istamay, bola uxlaganda ketib, yana uxlaganda qaytib kelardi. Bu bola ataylab bizni asabiylashtirardi. Erimni naq yurak hurujigacha olib borardi. Shunda ham uni qaytarib yuborish haqida o‘ylamaganmiz.

 

Bolalar uyi rahbariyati bu voqealardan xabardor edi. Men xarxasha qilgan videolarini ko‘rsatganman. Oxirgi marta bolani olib qolayotganda boshqa qaytarib bermasliklarini, ikkinchi imkoniyat bo‘lmasligini aytib meni qo‘rqitishdi.

Bugun yolg‘iz o‘zim qoldim, erim bir yil avval olamdan o‘tdi. Bolalarim ham yo‘q. Bunday stressni boshdan o‘tkazmaganimizda balki ko‘proq yasharmidi. Bolalar uyiga borib, qayta urinib ko‘rishdan qo‘rqaman – tarix takrorlanishidan emas, bolalar uyi xodimlarining ayblovidan, tashlanishidan.

 

Bizdan olib qo‘yilganidan keyin bolaning uysiz odamlar orasida yashaganini, shu yerdan bolalar uyiga olib kelinganini, u yerda bir-bir yarim yil yashab, tutingan oilaga tushgani va yana qaytarib berilganini bildim. Bolalar uyi rahbariyatidan nimaga shuni oldinroq aytmadingiz, deb so‘raganimda ular: «Buning sizga nima ahamiyati bor?!» deb javob berdi. 

 

 

Matn: Alyona Yersenkina

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish